OʻzMUda “karyera kuni” tashkil etildi
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va boshqa tashkilotlar bilinyapti hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda mulkchilikning turli shaklidagi tashkilot va muassasalar tomonidan mavjud ish oʻrinlari taklif etildi.
Joriy yilning 4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, oʻz sohasining ustalari boʻlgan kadrlarga bogʻliq.
“Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri davomida ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan mavjud ish oʻrinlari taklif etildi. Oʻz navbatida ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga universitet tomonidan talabalar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Jumladan, joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
Tadbir davomida yirik kompaniya vakillari tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.
“Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchilar tomonidan 3 mingdan ziyod talabalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularning ishga joylashish amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berilyapti.
Shuningdek, tadbir davomida innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular boʻyicha tadqiqotlar olib borish, oʻquv rejalariga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini eʼtiborga olgan holda oʻzgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli ravishda tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashgʻulotlariga jalb qilish, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini korxona va tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash jarayonlari muhokama qilindi.

