Abduvali Xoliqov – Kimyo fanlari doktori, professor, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi, Departament boshligʻi.
Ilk bor Universitetning Kimyo fakultetiga qadam qoʻyganim esimda – bu xuddi hozirgina sodir boʻlgandek. Men maktabda oʻqib yurgan paytlarimdanoq Toshkent davlat universiteti (Oʻzbekiston Milliy universiteti) Kimyo fakultetida oʻqishni niyat qilib yurar edim. Mana 25 yildirki Universitet hayotimning ajralmas bir qismiga aylangan.
1998-yil talabalar safiga qabul qilingan boʻlsam keyinchalik magistratura, 2007-yil aspiranturani tamomlab 2008-yil faoliyatimni Fizikaviy va kolloid kimyo kafedrasi muhandis sifatida boshladim. Turli yillarda dekan oʻrinbosarligidan prorektor lavozimigacha ishlagan boʻlsam, 2017-yildan yurtimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilish yoʻlida faoliyat olib bormoqdaman. Bunda jonajon oliy dargohimizdan olgan bilim va koʻnikmalar, orttirilgan tajribalar oʻz samarasini bermoqda. Men oʻz faoliyatimda nimaga erishgan boʻlsam, bularning bariga Universitetim sababli erishdim.


Universitetimiz yurtimizda tashkil etilgan birinchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Oliy dargohimiz bitiruvchilari yillar davomida nafaqat yurtimiz balki butun Oʻrta Osiyoga yetuk kadrlar yetishtirib kelmoqda. Ular yurtimiz va dunyo ilm fan rivojiga oʻz hissalarini qoʻshib kelishmoqda. Iymonim komilki Oʻzbekiston Milliy universiteti yaqin yillarda dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy oladi.
Men ilk bor talabalikka qabul qilingan yilda dargohimizning 80 yilligini nishonlagan edik. Universitetning 90 yoshini xodim sifatida, 2018-yil qutlugʻ 100 yoshini universitet dotsenti sifatida nishonlagan edim. Mana 105 yoshini professor boʻlib nishonlash menga nasib etmoqda.
Shunday ajib kunlarda Oliy dargohimizning 105 yilligi bilan barcha professor-oʻqituvchilar, xodimlar, talabalar va uning rivojiga hissa qoʻshayotgan barchani samimiy tabriklayman.